O‘zbekiston respublikasi funksional ko‘pkurash federatsiyasi va sport tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi
Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qo‘riqlash bosh boshqarmasida, funksional ko‘pkurash federatsiyasi hamda bir qator sport tashkilotlari o‘rtasida qo‘pkurash sport turini rivojlantirish hamda ommalashtirish borasidagi masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan uchrashuv tashkil etildi. Mazqur tadbirda, funksional ko‘pkurash federatsiyasi raisi, Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘rinbosari polkovnik Ma’mirjon G‘aniyev, federatsiya a’zolari va “Tribe”, “BukaGym”, “Akhmat”, “998” kabi bir qator yirik sport tashkilotlari vakillari ishtirok etishdi. Unda funksional ko‘pkurash sport turini yanada takomillashtirish, yoshlar o‘rtasida ushbu sport turini targ‘ib qilish maqsadida, mazkur sport tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Uchrashuvda funksional ko‘pkurashni yangi bosqichga olib chiqish, hududlarda yangi to‘garaklar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, o‘zida kuch, iroda va chidamlilikni talab etadigan ushbu sport turida yosh iqtidor egalarini kashf etish, yangi chempionlarni tarbiyalash, respublika va xalqaro musobaqalarni tashkil etish, sportchilar uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, moddiy texnik bazasini yanada mustahkamlash bo‘yicha qator dolzarb vazifalar belgilab olindi.