Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qo‘riqlash bosh boshqarmasida, Funksional ko‘pkurash federatsiyasi raisi, Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘rinbosari polkovnik Ma’murjon G‘aniyev huzurida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda federatsiya tomonidan amalga oshirilgan ishlar atroflicha muhokama etildi. Aytish kerakki, Yurtimizda, og‘ir atletika, badiiy gimnastika, yengil atletika, suzish, velosport va boshqalarni o‘z ichiga olgan “Funksional ko‘pkurash” sport turi tobora ommalashmoqda.
Mamlakatimiz aholisining, shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, kuch tuzilmalar harbiy xizmatchilari o‘rtasida mazkur yo‘nalishda ko‘plab musobaqalar tashkil etilib, shaxsiy tarkibning jismoniy tayyorgarliklari, sportga bo‘lgan e’tibor va ishtiyoqi oshirilmoqda.
Yig‘ilishda, o‘zida kuch, iroda va chidamlilikni talab etadigan ushbu sport turini yanada rivojlantirish hamda yoshlarni ushbu sportga qiziqtirish borasida qator chora-tadbirlarni olib borish zarurligi ta’kidlandi.
"Funksional ko‘pkurash"ni yangi bosqichga olib chiqish, hududlarda yangi to‘garaklar ochish, malakali murabbiylar jalb etish, respublika va xalqaro musobaqalarni tashkil etish, sportchilar uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, moddiy texnik bazasini yanada mustahkamlash borasida qilinishi zarur bo‘lgan ishlar xususida to‘xtalib o‘tildi.
Mazkur yo‘nalishda aloqador mutasaddi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda tegishli tadbirni tashkil etish borasida yo‘l xaritasini ishlab chiqish kelishib olindi.
Поделиться: